Joriy yilning 19-iyun kuni Samarqand viloyati statistika boshqarmasi hamda Samarqand Iqtisodiyot va Servis instituti hamkorligida “Statistika organlarida ishlash jozibadorligini oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilari orasida targ‘ib qilish” maqsadida, o‘qituvchi va bitiruvchi talabalar ishtirokida davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbirda viloyat statistika boshqarmasi boshlig‘i Sh. Abdiyev tomonidan, boshqarmada bo‘sh vakant ish o‘rinlari va statistika tizimida davlat fuqarolik xizmatchilariga yaratilayotgan qulayliklar, boshqarma ish faoliyati hamda imkoniyatlari haqida qisqacha tushuncha berib o‘tildi.
Davra suhbati davomida statistika organlariga ishga kirish tartiblari, davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining ochiq portali vacancy.argos.uz orqali amalga oshirilishi va ushbu portaldan foydalanish tartibi, shuningdek, ochiq mustaqil tanlovlar tashkil etilishining huquqiy asoslari, mexanizmlari va bosqichlari, eʼtibor qaratish lozim bo‘lgan asosiy jihatlar hamda tanlov g‘oliblari bilan ishlash usullari to‘g‘risida maʼlumotlar berildi.
Shuningdek, boshqarmaning “Ro‘yxatga olish jarayonlarini tashkil etish va o‘tkazish” bo‘limi boshlig‘i F. Shukurov tomonidan aholini ro‘yxatga olish tadbiriga tayyorgalik ko‘rish, bu borada qabul qilingan me’yoriy hujjatlar, qonun va qarorlar hamda ularning ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan va kelgusida bajarilishi belgilangan ishlar bo‘yicha ham batafsil maʼlumot berildi.
Tadbir mobaynida berilgan maʼlumotlar asosida ishtirokchilarning fikr mulohazalari va takliflari tinglandi hamda ularni qiziqtirgan savollariga javoblar berildi.
Axborot xizmati