09/04/2026

    Bugun Samarqand iqtisodiyot va servis instituti hamda Samarqand viloyati statistika boshqarmasi o‘rtasida dual ta’lim tizimini joriy etish va rivojlantirish maqsadida hamkorlik memorandumi imzolandi.

    Mazkur memorandum oliy ta’lim tizimida nazariy bilimlar va amaliy tajribani uzviy bog‘lashga xizmat qiladi. Dual ta’lim modeli asosida talabalar o‘qish jarayonining muayyan qismini bevosita ishlab chiqarish va amaliyot muhitida o‘tkazib, real ish jarayonlari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

    Hujjat Samarqand viloyati statistika boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari M. Salimov tomonidan imzolandi.

    Ushbu hamkorlik, ayniqsa, statistika sohasi uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Jumladan:

  • talabalar rasmiy statistika ma’lumotlarini yig‘ish, qayta ishlash va tahlil qilish jarayonlarida bevosita ishtirok etadi;
  • zamonaviy statistik dasturlar va metodologiyalarni amaliyotda qo‘llash ko‘nikmalarini shakllantiradi;
  • hududiy ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlarni tahlil qilish orqali analitik fikrlash qobiliyatini rivojlantiradi;
  • real ma’lumotlar bilan ishlash orqali xatoliklarni aniqlash va ularni bartaraf etish tajribasiga ega bo‘ladi.

    Shuningdek, hamkorlik doirasida soha mutaxassislari ishtirokida mahorat darslari, seminar-treninglar va amaliy mashg‘ulotlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.

    Mazkur memorandumning amalga oshirilishi natijasida, mehnat bozorida raqobatbardosh, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan malakali statistik mutaxassislarni tayyorlash imkoniyati kengayadi.

Axborot xizmati

Tugmani bosing Tinglash GSpeech